Bugun, 6-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Google

Suhbat davomida ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollarini, hamkorlikni yanada faollashtirish masalalarini muhokama qilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat, xususan, Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashganlar.

Prezidentlar Qozog‘istonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan barcha choralarni ko‘rish zarurligi to‘g‘risida umumiy fikr bildirgan.

Shu bilan birga, davlat rahbarlari vujudga kelgan holatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirib, zo‘ravonlik va vaziyat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidlab o‘tganlar. 

Eslatib o’tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan ham qo‘shni Qozog‘istondagi voqealarni muhokama qilgani haqida xabar bergan edik.