Rossiyaning “S7 Airlines” aviakompaniyasi Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari fonida o‘zining va Air Astana aviakompaniyasi bilan qo‘shma reyslar uchun chiptalar sotishni 23-yanvarga qadar to‘xtatdi, deb xabar berdi aviakampaniya.

Foto: Marina Listseva / TASS

“Qozogʻistondagi mavjud vaziyat tufayli “S7 Airlines” aviakompaniyasining Qozogʻistonga uchadigan oʻz reyslarini 23-yanvarga qadar (Moskva-Ust-Kamenogorsk, Omsk-Pavlodar, Novosibirsk-Nur-Sulton) sotish vaqtincha toʻxtatildi”, deyiladi aviakampaniya xabarda.

“S7 Airlines aviakompaniyasining reyslari hali ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan, jadvalga ko’ra, navbatdagi reys 8-yanvardan 9-yanvarga o’tar kechasi (Moskva – Ust-Kamenogorsk) amalga oshirilishi kerak.

Biz Qozog’istondagi vaziyatni kuzatib boramiz, yo’lovchilar xavfsizligi bizning vazifamiz. Reyslar bekor qilingan taqdirda biz yo‘lovchilarni SMS orqali xabardor qilamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan aviakompaniya.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.