Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari qurbonlari soni mingdan oshgan, 400 kishi kasalxonaga yotqizilgan, 62 kishi reanimatsiyada, deb xabar berdi respublika sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Google

“Qozog‘istonning turli viloyatlarida sodir bo‘lgan tartibsizliklar natijasida mingdan ortiq odam tan jarohati oldi, ulardan 400ga yaqini kasalxonaga yotqizildi, 62 kishi reanimatsiyada”, — deyiladi axborot xabarida.

“Tez yordam mashinalari jabrlanganlarga o‘z vaqtida yetib borishi uchun tibbiyot xodimlarining ishiga xalaqit bermasligingizni so‘raymiz”, — deya qo‘shimcha qilingan.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.