Bugun, 5-yanvar kuni bir guruh yoshlar Olmaota chekkasidan kecha 4-yanvar kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan ommaviy toʻqnashuvlar sodir boʻlgan shahar markaziga piyoda va mashinada yoʻl olishdi, deb xabar qilmoqda KazTAG agentligi ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarga tayanib.

Foto: Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarda namoyishchilardan biri kechagi to‘qnashuvlar chog‘ida qo‘lga olingani taxmin qilinayotgan maxsus politsiya bo‘linmasi qalqonini ushlab turganini ko‘rish mumkin.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.