O‘zbekistonda olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Milliy olimpiadani o‘tkazish chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida aytib o’tilgan.

Foto: Yangi O’zbekiston

Unga ko’ra, Milliy olimpiada sport o‘yinlarini o‘tkazish dasturi ishlab chiqiladi. Sport o‘yinlari o‘tkaziladigan sport obektlari infratuzilmasi yaxshilanadi va zarur sport inventarlari bilan jihozlanadi. 

Milliy olimpiada o‘yinlarini yuqori darajada tashkil etish va g‘olib va sovrindorlarini munosib rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Milliy olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari borishining OAV orqali, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida keng yoritilishi tashkil etiladi.

Shuningdek, sport ta’lim muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibini oshirish mo‘ljallangan.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallariga qabul ko‘rsatkichlarini oshirish hisobiga faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli trenerlarning amaldagi 54 foiz ulushi 2022-yilda 62 foizga oshiriladi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallari bitiruvchilari sport ta’limi muassasalariga jalb etiladi.