Janubiy Koreyada koronavirusning yangi “omikron” shtammi bilan kasallangan bemorning vafot etishiga bog‘liq dastlabki ikki holat aniqlandi. Bu haqda mahalliy hokimiyat vakillariga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Mamlakat poytaxti Seuldan 329 kilometr janubda joylashgan Kvanju shahri sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, vafot etgan shaxslarning ikkisi ham 90 yoshdan katta bo‘lgan. Ularning o‘limidan so‘ng olingan test natijasi marhumlarda “omikron” shtammi bo‘lganini ko‘rsatgan.

Janubiy Koreya Kasalliklar nazorati va profilaktikasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi bir sutka ichida 2993 kishida koronavirus tasdiqlangan, yana 36 kishi COVID-19 qurboniga aylangan.

Janubiy Koreyada pandemiya boshlanganidan buyon koronavirusga chalinganlar soni 642 ming kishidan oshdi va shu kunga qadar 5730 nafar bemor vafot etdi.

Koronavirusning yangi “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Yapon olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, “delta”ga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin.