Gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Foto: Daryo

IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan oʻtkazilgan internet-monitoringi davomida, 2021-yilning 1-noyabr kuni nomaʼlum shaxs “Telegram” messenjerida yaratilgan, qizlarning behayo tasvirlari tarqatiladigan kanalga Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanida vaqtincha istiqomat qiluvchi X.I.ning fotosuratlarini intim shaklga keltirgan holda oʻzgartirib joylaganligi kuzatilgan.

Oʻtkazilgan tadbirlar jarayonida ushbu jinoyatni vaqtincha Toshkent shahar Mirobod tumani hududida yashab kelayotgan 2000-y.t., Gʻ.A. sodir etganligi, X.I. bilan “Telegram” orqali tanishib, uning fotosuratlarini oʻzgartirib, behayo shaklga keltirganligi, X.I.ning iltimosiga qaramasdan uning suratlarini gʻarazli maqsadlarini amalga oshirish uchun ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib kelayotganligi aniqlanib, uning foydalanuvida boʻlgan mobil qurilma ashyoviy dalil tariqasida olib qoʻyilgan

Mazkur holat yuzasidan Gʻ.A. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar shaxsiy maʼlumotlaringizni begona kishilarga, ijtimoiy tarmoqlarda tanishgan, lekin Siz aslida uning kimligini tanimagan “doʻst”laringizga yuborishga shoshilmang.

Bu orqali ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsiy maʼlumotlaringiz, fototasvirlaringizni qoʻlga kiritgan kibertovlamachilarning qurboniga aylanib qolmang”,
– deyiladi IIV xabarda.