“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati xabariga ko’ra, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda «Namangandan Andijonga elektr tarmog‘i fermerlarning bug‘doyzorini payhon qilish evaziga tortilmoqda» sarlavhasi ostida xabar e’lon qilindi. Unda Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi fermer xo‘jaliklari bug‘doy va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan dalalarining bir qismi “To‘raqo‘rg‘on IES” (Namangan viloyati)dan Andijon tumanidagi «Yulduz» podstansiyasiga yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini tortish jarayonida payhon qilinayotgani, fermerlar ziyon ko‘rayotgani, yetkazilgan zarar qachon to‘lab berilishi noma’lumligi tilga olingan edi.

Foto: “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati

Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

«To‘raqo‘rg‘on IES»dan Andijon tumanidagi «Yulduz» podstansiyasiga yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish-montaj qilish ishlari va u bilan bog‘liq boshqa amaliyotlar «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadarlik jamiyati tomonidan amalga oshirilib, belgilangan chora-tadbirlar «To‘raqo‘rg‘on IES» issiqlik elektr stansiyasining elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan.

Ushbu ikki zanjirli elektr uzatish tarmog‘i qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining mavjud qonunchiligi talablariga muvofiq Andijon va Namangan viloyatlari hududidan yer maydonlari ajratib berilgan.

Ushbu hududlarda yashovchi xo‘jalik subyektlari, aholi va fermer xo‘jaligi rahbarlariga yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini bunyod etish bilan bog‘liq qabul qilingan qarorlar mohiyati va amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar ko‘lami hamda maqsadlari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Xususan, «Yulduz» podstansiyasi atrofidagi aholi va mahalla faollari bilan tushuntirish ishlari 2019 yilning 7 noyabr sanasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda «Andijonmagistralelektrtarmoqlari» filiali direktori K.Yo‘ldoshev, «Ayrilish» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi E.Esonova, «Yorboshi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Sotkinov, «Yulduz» podstansiyasi rahbari M.Shahobiddinov va ko‘p sonli aholi vakillari ishtirok etishgan.

Alohida ta’kidlash kerakki, «To‘raqo‘rg‘on IES»da qurilayotgan yangi bug‘-gaz qurilmasi va unda ishlab chiqariladigan qo‘shimcha quvvatlarni umumiy elektr energiyasi tizimiga ulash yuzasidan olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz iste’molchilarini, birinchi navbatda Andijon va Namangan viloyatlari aholisini qo‘shimcha elektr energiyasi bilan uzluksiz ravishda ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.

«To‘raqo‘rg‘on IES» (Namangan viloyati)dan Andijon tumanidagi «Yulduz» podstansiyasiga yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini tortish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari joriy yilning aprel oyida tugatilishi rejalashtirilgan. Amalga oshirilayotgan ishlarning ushbu bosqichi tugagandan so‘ng barcha xo‘jalik subyektlari, aholi va fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash ishlari ham yakuniga yetkaziladi, o‘rganish natijalari asosida tuzilgan dalolatnomalar asosida barcha xo‘jalik subyektlari, aholi va fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan zarar bo‘yicha kompensasiya pullari belgilangan tartibda to‘lab beriladi.