Foto: O’zA

Loyihaga muvofiq, Malayziyaning “RTM” teleradiokompaniyasi va “Cinema Malaysia” kinokompaniyasi buyurtmasiga binoan mazkur kinostudiya mamlakatimizda “Juliet” nomli serial hamda “Seandainya kau ada”, yaʼni “Agar sen men bilan boʻlganingda…” deb nomlangan badiiy filmni tasvirga olish ishlarini boshlab yubordi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Malayziya kinostudiyasi oʻrtasida tuzilgan bitimga muvofiq, Oʻzbekistonda ushbu kinoasarlarning 26 lavhasi, yaʼni serial umumiy davomiyligining 30 foizi, badiiy film voqealarining 40 foiz qismi tasvirga olinadi.

Serial va badiiy filmda Malayziyaning taniqli aktyorlari, jumladan Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchisi Daler Yusuf ham suratga tushmoqda. Ijodiy jarayon asosan, Toshkentda, qisman Amirsoy togʻ-changʻi majmuasi hamda Xiva shahrida boʻlib oʻtadi.

Serialning har bir lavhasi uchun efirda 1 soat vaqt ajratiladi va haftasiga 7-marta “RTM” telekanali orqali praym-taym vaqtda namoyish etiladi. Tahlillarga koʻra, ushbu telemahsulotni 3 millionga yaqin oila tomosha qiladi. Badiiy film xronometraji esa 1 soat 15 daqiqaga teng boʻlib, asar mamlakatning 60 dan ziyod kinoteatrida koʻrsatiladi.

Xorijiy hamkorlarga mamlakatimizda filmlar suratga olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlarni faol targʻib etish yoʻlida olib borilayotgan bunday chora-tadbirlar jahonning mashhur kino sanoati vakillarini, kinokompaniyalarni Oʻzbekistonga yana-da koʻproq jalb qilishga xizmat qilmoqda.