Fransiya poytaxti Parij shahridagi Eyfel minorasi mamlakatda COVID – 19 koronavirusi tarqalgani tufayli noma’lum muddatga yopib qo‘yildi. Bu haqida turistlarni o‘ziga chorlaydigan ushbu binoning Twitter’dagi rasmiy sahifasida xabar qilingan.

Foto: Getty Images

Avval Fransiyada Luvr va Orse kabi taniqli muzeylar, shuningdek, Versal saroyi vaqtinchalik yopib qo‘yilgandi.

“COVID – 19 koronavirusining tarqalgani tufayli hukumatning tegishli chora-tadbirlari doirasida Eyfel minorasi 14 mart mahalliy vaqt bilan 21:00 dan tashrif buyuruvchilar uchun noma’lum muddatga vaqtincha yopiladi”, – deyilgan minoraning Twitter’dagi rasmiy sahifasida.

13 mart kuni Fransiya bosh vaziri Eduar Filipp mamlakat hududida 100 nafar va undan ortiq odam tashrif buyuradigan har qanday ommaviy tadbirning bekor qilinganini qayd etgan. Fransiyada 13 mart holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 2876 nafar odamni tashkil qiladi. 61 nafar fransiyalik virus keltirib chiqargan pnevmoniya kasalligi oqibatida vafot etgan.