Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Dilshod Saidjonov ijtimoiy tarmoqlarda va bir qator blogerlar tomonidan tasdiqlanmagan hamda ishonchli manbaga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatilayotganligi yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi axborot xizmati

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda va bir qator blogerlar tomonidan tasdiqlanmagan hamda ishonchli manbaga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatildi.

Shuni unutmaslik kerakki, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar, materiallar, feyk xabarlar va umuman, ishonchsiz axborotni har qanday shaklda tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda mas’uliyat aniq belgilangan va buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga, jamiyatda o‘z mehnati tufayli ta’sir kuchiga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar ma’murlari yaxshi his etishlari lozim, deb o‘ylayman. Chunki jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar ko‘p.

OAV va blogerlar ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik me’yorlariga rioya etishlari shart ekanligini unutmasligi kerak.

Alohida ta’kidlashni istar edikki, AOKA barcha OAV va blogerlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda va bundan keyin ham ularning axborot olishlari uchun ko‘mak berishga tayyor, deyiladi xabarda.