Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Rossiyadagi avtomobil sotadigan avtosalonlardan birida Ravon rusumidagi avtomobillar uchun narxlarning haddan ortiq darajada arzonligi haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Foto: “UzAuto Motors” axborot xizmati

Bundan tashqari, ko‘plab rasmiy vakillar ham UzAuto Motors eksport narxlari bo‘yicha raqamlar tahlilini ushbu ko‘rsatilgan narxlarga asoslanib shakllantirdilar. Bu haqida kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Kompaniya ushbu avtosalonda keltirilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqqandan so‘ng, mazkur avtosalon kompaniyaning rasmiy dileri hisoblanmaydigan Rossiyaning «Mas Motors» avtosaloni ekanligini hamda u o‘z veb – saytida mashinalarni arzon narxlarda taklif qilayotganini aniqladi.

Bundan tashqari, ushbu avtosalon Ravon modelidan tashqari Toyota va Hyundai avtomobillarini ham xuddi shunday arzon narxlarda taklif etmoqda. Biroq, mijozlar avtomobil sotib olish niyatida murojaat qilganda, avtosalon vakillari saytda ko‘rsatilgan narx dastlabki to‘lov ekanligini yoki mijozga boshqa qimmatroq mashinani taklif qilishayotganini aytishadi.

Shu munosabat bilan sizdan kompaniyaning faqat rasmiy manbalariga ishonishingizni so‘raymiz, deyilgan xabarda.