Avval xabar qilganimizdek, mamlakatimizga koronavirus infeksiyasi (COVID – 19) ning kirib kelishi va oldini olish borasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalari asosida qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Bu haqida vazirlikning axborot xizmati yozmoqda.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi kabi qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda bu borada zarur tavsiyalar ishlab chiqilib, hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida, profilaktika va nazorat choralarini kuchaytirish maqsadida Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’limi vazirliklari bilan qo‘shma qarorlar qabul qilib, ijrosi ta’minlanmoqda.

Davlat chegara punktlaridan o‘tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ma’lumotlar olinib, birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 15 yanvaridan ayni paytga qadar epidemik vaziyat noxush hisoblangan davlatlardan mamlakatimizga kelgan fuqarolarda koronavirus infeksiyasi alomatlari aniqlanmagan. Hozirda 2315 nafar fuqaroda belgilangan tartibda tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini sarosimaga tushmagan holda, koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishlarini so‘raydi:

  • qo‘llaringizni sovun bilan yaxshilab tez-tez yuving.
  • yuz va ko‘zingizni qo‘l bilan ishqalamang;
  • imkon qadar odam ko‘p yig‘iladigan jamoat joylariga borishdan tiyiling.
  • hayvonlarga qo‘l tekkizishdan saqlaning.
  • ko‘pchilik foydalanadigan predmetlarni ushlaganingizda qo‘lingizni antiseptik vositalar orqali dezinfeksiya qiling;
  • yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz bilan burunni bukilgan tirsak, yeng yoki salfetka bilan yoping. So‘ngra foydalanilgan salfetkani axlat qutisiga tashlang va qo‘lingizni yuving;
  • shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan muloqotda bo‘lishdan tiyiling;
  • kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling;
  • xonalarni muntazam shamollatib turing.