“O‘zbekneftgaz”AJning Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi “Pomuq” siquv kompressor stansiyasidagi agregatning nosoz kompressori ta’mirlanib ishga tushirildi. Bu haqida “O‘zbekneftgaz”AJ axborot xizmati xabar bermoqda.

uzbek neft gaz
Foto: “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Ushbu stansiyaning asosiy vazifasi zaxirasi kam konlardagi past bosimli quduqlardan keladigan gazlarni qabul qilib, bosimini ko‘ratib Gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga uzatishdan iborat.

Aynan gaz bosimini ko‘tarib berish vazifasini esa stansiyaga o‘rnatilgan 4 ta agregat bajaradi. Yaqinda mutaxassislar tomonidan ularning birida nosozlik mavjudligi aniqlandi. Ya’ni agregatning yuragi bo‘lmish kompressordan gaz sizib chiqayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumki, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qazib olinadigan umumiy gaz hajmining 80 foizi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining hissasiga to‘g‘ri keladi, – deydi Siquv kompressor stansiyalarini ishlatish bo‘limi boshlig‘i Axmedov Jasur.

– Bitta gaz haydash agregatining ishlamasdan to‘xtab qolishi esa boshqarma tomonidan sutkasiga 2,850 mln. kubometr gaz yetkazib berish hajmini kamayishiga olib keladi. Shu sabab ushbu kompressorni tezkor ravishda tuzatib ishga tushirish uchun “O‘zbekneftgaz”AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan 3 smenali 24 soatlik ish rejimi tashkil qilindi.

Agregat kompressorini ta’mirlash jarayoni

Agregat kompressorining rotori old va orqa qismlarida o‘rnatilgan zichlagichlar yangisiga almashtirildi. Shu bilan birga kompressorning ichki qismlari –podshipniklari, labirintli zichlagichlarning texnik holati nazoratdan o‘tkazildi.

Natijada kompressorning uzluksiz bir maromda ishlashini ta’minlashga hamda tabiiy gaz qisqarishining oldini olishga erishildi.

Ma’lumot uchun: Ukrainaning «Sumskoe NPO» zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu agregatlar 2008 yilda “Pomuq” siquv kompressor stansiyasiga olib kelib o‘rnatilgan.