UEFA Yevropada koronavirus tarqalishi avj olishi munosabati bilan Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasining keyingi haftadagi barcha o‘yinlarini bekor qildi. Endi ushbu turnirlar noma’lum muddatga qadar to‘xtatiladi.

Foto: Sports

Keyingi haftada, 17-18 mart kunlari YeCHL pley-off bosqichi doirasida «Manchester Siti» – «Real», «Yuventus» – «Lion», «Bavariya» – «Chelsi» hamda «Barselona» – «Napoli» o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Avvaliga bu o‘yinlar stadionda muxlislarsiz bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgandi. Bu qaror 19 mart kuni turnirning Yoshlar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlariga ham taalluqli. 

Bu qaror ortidan yevrokuboklarning 1/4 finali uchun qur’a tashlash marosimi ham kechiktiriladi.

Bungacha koronavirus infeksiyasi xavfi tufayli Italiya va Ispaniya chempionatlari to‘xtatilgandi.

So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanganlar 135 ming nafardan oshib ketdi. 5 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, 70 mingdan ortiq kishi sog‘aydi.