Mamlakatimizda ta’lim sohasi, ayniqsa, salohiyatli pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar yuqori darajaga ko‘tarildi. Sohaga oid o‘zgarish va yangiliklar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 fevraldagi “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–4623-sonli qarorida o‘z aksini topdi.

Foto: Xalq so’zi

Mazkur yo‘nalishda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va oliy pedagogik ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, shuningdek, oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda abituriyentlarning salohiyati va moyilligini aniqlash yuzasidan maqbul mexanizmlarni ishlab chiqish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Pedagogiklik sohasini tanlaydigan abituriyentlar diqqatiga shularni ma’lum qilish lozimki, ushbu qarorga ko‘ra, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab pedagogik faoliyatda umumta’lim fanlari muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda alohida iqtidor talab etiladigan pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovlari topshirish tartibi joriy qilinadi, deya xabar bermoqda Davlat test markazi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta fanlar bo‘yicha test sinovlari topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari:

  • 5111100 – Musiqa ta’limi.
  • 5110800 – Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi.
  • 5112000 – Jismoniy madaniyat.
  • 5112300 – Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport.

Majburiy uchta fan bo‘yicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari e’lon qilinganidan so‘ng o‘tkaziladi.