DXX xodimlari tomonidan Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida giyohvand moddalarning mamlakatimizga olib kirilishi va realizatsiya qilinishi bilan bog‘liq bir nechta holatlarga chek qo‘yildi.

Foto: DXX Chegara qo‘shinlari axborot xizmati

Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi M. Mamirov va J. Shokirovlar kelayotgan  avtomashina Andijon tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilganda, uning salon qismida 997 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Mamirov va Shokirovlar mahalliy fuqaro M.Sulaymonov hamda Xo‘jaobod tumanida istiqomat qiluvchi Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi O. Shermatovlar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan ushbu giyohvand moddalarni sotish orqali mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.

Andijon viloyati Marhamat tumani Do‘stlik MFY hududidan o‘tuvchi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi bo‘ylab harakatlangan fuqaro Xakimova DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda, uning yonida 1 kg. 905 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlandi va protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Bu kabi holat Namangan viloyatida ham qayd etildi. Jumladan, DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Chust-Namangan” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan “Gentra” rusumli avtomobil to‘xtatildi.

Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan U. Xalilov boshqaruvidagi ushbu avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 994 gr. “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Vodil qishlog‘ida yashovchi, muqaddam sudlangan N. Xakimov jinoiy sheriklari bo‘lgan Marg‘ilon shahrida yashovchi R. Abdullayev va T. Oripovlar bergan 5 ming AQSh dollariga aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonning Qadamjoy rayoniga borib, “Qahramon” ismli shaxsdan 987 gr. “gashish” moddasini sotib oladi.

So‘ngra noqonuniy ravishda davlat chegarasini kesib o‘tib, Farg‘ona shahrida og‘uni Abdullayev va Oripovlarga bergan vaqtida, ularning barchasi DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bundan tashqari, ularning yonidan topilgan 32 mln 360 ming so‘m ham o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 7 kg 781 gr. “gashish” giyohvand moddasi musodara qilindi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Mavzuga doir:
DXX tomonidan giyohvand moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi
Toshkentda bitkoinni noqonuniy sotgan fuqarodan $402 ming dollar olib qo‘yildi