Yangi tipdagi koronavirus Xitoyda ilk bor ko‘pchilik o‘ylaganidek dekabrda emas, 17 noyabrda qayd etilgan, deb yozadi «South China Morning Post» gazetasi hukumat hujjatlariga tayanib.

Foto: Reuters

Nashrning ma’lum qilishicha, gap koronavirus tarqala boshlagan Xubey provinsiyasining 55 yoshli fuqarosi haqida bormoqda.

Noyabr oyida provinsiyada jami to‘qqiz nafar koronavirus tashuvchisi qayd etilgan, lekin ulardan birortasi ham «nolinchi bemor», ya’ni epidemiya boshlanishiga sabab bo‘lgan kasallikning birinchi qurbonlari sifatida tasdiqlanmagan.

Eslatib o’tamiz, dunyoda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 131 mingdan oshdi, qurbonlar soni 5 mingga yaqinlashdi.