2019−2020 o‘quv yilida Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘zbekistonlik talabalar soni 546 nafarni tashkil etdi (o‘tgan yilga nisbatan 4,4% kam — 571). Ushbu ma’lumotlar OpenDoors ta’lim sohasida xalqaro almashinuv to‘g‘risidagi hisobotda keltirildi.

Foto: RIA Novosti

U AQSh Davlat departamentining Ta’lim va madaniyat ishlari byurosi va Xalqaro ta’lim instituti (IIE) tomonidan nashr etilgan.

2020-yilgi “Open doors” hisobotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbekistonlik talabalarning umumiy soni 546 nafarni tashkil etadi, ularning 50,5 foizi bakalavriat darajasida, 31,5 foizi magistratura bosqichida, 11,5 foizi ixtiyoriy amaliy mashg‘ulotlarda va 6,4 foizi ingliz tili yoki qisqa muddatli o‘qish kabi dasturlarda qatnashmoqda.

Bu O‘zbekistondagi talabalar orasida Amerika ta’limiga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganligini ko‘rsatadi. Amerika oliy o‘quv yurtlari ham o‘zbekistonlik talabalarni jalb qilishga qiziqishni kuchaytirmoqda, deyiladi xabarda.

AQSh 2019−2020 o‘quv yilida 1 milliondan ziyod xalqaro talaba (1 075 496) qabul qildi, bu ko‘rsatkich ketma-ket beshinchi yil davomida qayd etildi.

2019−2020 o‘quv yilida Qo‘shma Shtatlardagi chet ellik talabalar soni bir oz pasayishiga (1,8%) qaramay, ushbu guruh hali ham AQSh oliy o‘quv yurtlari talabalarining 5,5 foizini tashkil qiladi. AQSh Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro talabalar 2019 yilda AQSh iqtisodiyotiga 44 milliard dollar hissa qo‘shgan.

“Biz pandemiya davridan oldin ketma-ket besh yil davomida AQSHda bir milliondan ortiq xalqaro talaba qabul qilganimizdan xursandmiz.

Xalqaro talabalarning mobilligi bugungi kunda ham o‘z muhimligini saqlab qolmoqda va biz Qo‘shma Shtatlarni ta’lim olish uchun eng yaxshi joy deb bilamiz.

Ta’lim yanada muvaffaqiyatli kelajak sari yo‘l bo‘lib, xalqaro ta’lim almashuvi talabalarning hayoti va kelajakdagi kasblarini o‘zgartirishi mumkin” — degan Mari Roys, Davlat kotibining ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha yordamchisi.

“Open doors” — bu AQSh oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan xalqaro talabalar va chet elda o‘zlarining AQShdagi kollejlari yoki universitetlari uchun akademik kreditlarni olish uchun tahsil olayotgan amerikalik talabalar to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumot manbai.

Mavzuga doir:
Onlayn taʼlim olayotgan talabalar MDUni sudga bermoqchi
Oliy ta’lim muassasalari milliy reytingi e’lon qilindi