Fransiya Senati Parijni Tog’li Qorabog’ mustaqilligini tan olishga undaydigan qarorni ko’rib chiqadi, ushbu hujjat parlament veb-saytida joylashtirilgan.

Foto: Sof UZ

Qaror mualliflaridan biri, senator Bruno Retayoning Twitter’da aytishicha, loyiha 25-noyabrda ko’rib chiqiladi.

Frantsiya Senatining (parlamentning yuqori palatasi) qarorlari tavsiya etuvchi xarakterga ega: ijro etuvchi hokimiyat esa ularni bajarishga majbur emas.

Shuningdek, rasmiy Parij Tog’li Qorabog’dagi mojaroda Yerevanni qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Xususan, jangovar harakatlar tugagandan so’ng, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Bosh vazir Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatda o’zining Armaniston va uning xalqiga bo’lgan do’stona his-tuyg’ularini, shuningdek, siyosiy yechim topishga tayyorligini bildirgan.

Tog‘li Qorabog‘dagi janglar 27-sentabrda boshlangandi. Ozarbayjon va Armaniston sulh to‘g‘risida kelishib olishga bir necha bor urinishgan. Ammo har safar tomonlar bir-birini sulh bitimini buzishda ayblab kelishayotgandi.

Keyinchalik Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Qorabog’da o’t ochishni to’xtatish to’g’risida qo’shma bayonot qabul qilishgani haqida xabar bergandik. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan keltirilgan bayonotga ko’ra, 10-noyabrda Tog’li Qorabog’da to’liq sulh boshlanadi, Ozarbayjon va Armaniston egallab turgan pozitsiyalarida to’xtaydi, shuningdek, harbiy asirlarni almashtirishlari lozim bo’ladi.