Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Santosh Ja ishtirokida “Oʻzatom” agentligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekistonning yoqilgʻi-energetika kompleksida hamkorlikning rivojlanishi, jumladan, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish masalalari muhokama qilindi, deya yozmoqda “Sputnik”

Foto: Glotr

Uchrashuvda “Oʻzatom” agentligi delegatsiyasining shu yilning fevral oyida Hindistonning AES qurilishi boʻyicha tajribasini oʻrganish hamda davlat yadroviy-energetika dasturini amalga oshirishda ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida ushbu mamlakatga qilingan safar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Hindiston tomonidan Yadroviy-energetik hamkorlikning global markazi (GCNEP, Hindiston) bilan “Oʻzatom” agentligi oʻrtasida atom energetikasi sohasida kadrlarni tayyorlash borasida hamkorlik qilish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumining loyihasi rasman taqdim qilindi.

GCNEP 2010 yilda Hindiston Hukumatining Atom energiyasi boʻyicha departamenti qoshida tashkil qilingan. Markaz qoshida 5 ta maktab mavjud boʻlib, ular yadro energiyasi va yadroviy xavfsizlik sohasidagi tadqiqotlarga, radiologik xavfsizlik, yadroviy material xarakteristikalarini oʻrganishga, radioizotoplar va radiatsion texnologiyalarni qoʻllashga yoʻnaltirilgan.

Ayni paytda elchi Hindistonda yadroviy tibbiyot va agrosanoat kompleksida yadroviy texnologiyalarni qoʻllash rivojlanib borayotgani, hind kompaniyalari energetika sohasiga oid loyihalarda, xususan qayta tiklanadigan energiya manbalari obʼyektlarini barpo etish va issiqlik elektr stantsiyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarda ishtirok etayotgani haqida maʼlumot berdi.

Shu bilan birga Hindiston tomoni Oʻzbekiston uchun quyoshli panellarni joriy etish uchun grantlar berish imkoniyati mavjudligini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston tomonidan investitsiyaviy dasturlarda ishtirok etish uchun taklif bildirildi hamda Oʻzbekiston Kimyo sanoati uchun berilgan takliflarda ulushbay boʻyicha ishtirok etish taklif qilindi.