Rossiyaning Tomsk viloyatida infeksiyaga qarshi emlangan besh nafar shifokorning koronavirusga topshirgan testi musbat chiqdi. Bu haqda Korrespondent xabar berdi.

Foto: TASS

Viloyat sog‘liqni saqlash departamenti vakilining fikricha, virus yuqqan paytda ularda immunitet to‘liq shakllanib ulgurmagan bo‘lgan.

“Bugun test natijalarini oldim. Hayron qoldim. Emlash haqida: u kasallik yuqishidan himoya qilmaydi, kasallik og‘ir o‘tishidan himoya qilishi kerak – tekshirib ko‘ramiz”, – deb yozgan tomsklik vrach-infeksionist Yevgeniya Alekseyeva o’z Instagram sahifasida.

Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, uning harorati ko‘tarilmagan, hid bilish qobiliyati yo‘qolmagan va holsizlik kuzatilmayapti.

Tomskda koronavirusga qarshi emlash 6-oktabrda boshlangan. Ushbu hududga olib kelingan dastlabki 42 doza bilan tibbiyot xodimlari emlangan.

“Vaksinatsiyaning birinchi bosqichidan keyingi davrda besh nafar shifokorda test musbat chiqdi. Ularning barchasi emlashdan keyin o‘z ish faoliyatlarini davom ettirib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishgan”, – deyiladi Tomsk viloyati bo‘yicha tezkor shtab Telegram-kanalida.

Qayd etilishicha, ularning uch nafarida kasallik yengil, ikki nafarida o‘rtacha og‘ir shaklda kechmoqda.

Avvalroq, Oltoy o‘lkasi va Kemerovoda ham shifokorlarda vaksinatsiyadan so‘ng koronavirus aniqlangandi.