O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi Turkiyada qator karantin choralari kiritilayotgani bo‘yicha xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

O‘zbekiston elchixonasi Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, doimiy yashayotgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni mamlakatda kiritilayotgan yangi cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘ligiga e’tiborli bo‘lish hamda rasmiy organlarning aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablarini bajarishga chaqirdi.

Avval xabar berganimizdek, kecha Turkiya rasmiylari COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish doirasida karantin choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.

Yangi cheklovlar 20-noyabrdan boshlab kuchga kiradi. Bungacha 65 yoshdan katta fuqarolarning ko‘chaga chiqishlariga o‘rnatilgan cheklovlar endi 20 yoshgacha bo‘lganlarga ham tegishli bo‘ldi.

Bundan tashqari, mamlakatda dam olish kunlari uydan chiqishga qisman taqiq joriy etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab dam olish kunlari qisman komendantlik soati ham joriy qilinadi.

Aholiga faqat mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi.

Davlat muassasalari, bozorlar, savdo markazlari, do‘konlar, restoranlar, kafelar, sartaroshxonalar hafta davomida soat 10:00dan soat 20:00 gacha ishlaydi. Restoranlarga faqat buyurtmalarni yetkazib berish yo‘nalishida faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda.

Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. O‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari tomoshabinlarsiz davom ettiriladi.

Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020 yil oxirigacha uzaytirilmoqda.

Ko‘chada sigaret chekishga taqiq ham amalda saqlanib qolmoqda.

Qolaversa, mahalliy hokimiyat organlari epidemiologik vaziyatga qarab, qo‘shimcha cheklov choralarini joriy etish huquqiga ega bo‘ldi. Xususan, Turkiyadagi koronavirus bilan kasallanganlarning yarmidan ko‘pini tashkil etadigan Istanbul shahri rasmiylari 2020-yil 19-noyabrdan boshlab muzeylar va san’at markazlari, suzish havzalari va konsert zallarini yopmoqda.

Mavzuga doir:
Turkiya parlamenti Ozarbayjonga harbiylar yuborilishini ma’qulladi
Erdo’gʻan Pompeo bilan uchrashuvga vaqt topolmadi
Erdo’g’an Ozarbayjonga harbiy kuchlarini jo’natishni rejalashtirmoqda – OAV