Joriy yilning 5 mart kuni 29 yoshli Z.M. ismli ayol Beshariq tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U “Obod” mahallasida yashovchi 41 yoshli fuqaro M.P.,ga vaqtincha saqlab turish uchun 49.500 AQSh dollari va tilla buyumlarini berganligi, biroq fuqaro M.P., 31.000 AQSh dollarini qaytarib, qolgan qismini va tilla buyumlarini qaytarib bermayotganligini ma’lum qilib, aybdorga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqida Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qilgan.

pora korrupsiya kelishuv
Foto: Google

“Darakchi” nashri xabarida aytilishicha mazkur holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.P. chora ko‘rmaslik va ishni uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga Beshariq tuman IIB xodimiga 2.500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgani aytiladi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Beshariq tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro M.P., xodimning xizmat xonasida 2.500 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ushlanib, holat xolislar ishtirokida rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Beshariq tumani bo‘limi tomonidan hozirda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.