“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi “east-fruit.com” veb – saytida 3 mart sanasida “Bugun eksport to‘xtatilgani uchun O‘zbekistonda piyoz narxi tushib ketdi” sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqolada qayd etilgan masalalar yuzasidan o‘rganish olib bordi.

Foto: Sputnik

Uning natijasiga ko‘ra, Kompaniya shuni ma’lum qiladiki,
joriy yilning 3 mart sanasidan O‘zbekistonda piyoz eksporti to‘xtab qolgani yo‘q. Aksincha, mazkur sana va umuman joriy yil boshidan yurtimiz tashqi bozorga ushbu mahsulotni uzluksiz yetkazib berishda davom etmoqda.

Xususan, yanvar – fevral oylari davomida 40 754 tonna piyoz eksport qilingan. Mart oyining 10 sanasigacha bo‘lgan muddatda esa 6 752,7 tonna piyoz Afg‘oniston, AQSh, Bolgariya, Iroq, Gruziya, Belarus, Moldova, Kipr, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Eron davlatlariga eksport qilingan.

O‘zbekiston ichki va tashqi bozorlarga yetarli darajada piyoz yetkazib berish salohiyatiga ega. “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tomonidan piyoz eksport geografiyasini yanada kengaytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Natijada joriy yildan O‘zbekiston piyozi uchun Eron, Pokiston, Tojikiston kabi yangi bozorlar ochildi.

Shuningdek, Kompaniya dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan piyoz mahsulotlarini tashqi bozorlarda xaridorlarini topish uchun yordam ko‘rsatib kelmoqda.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi kelgusida shu kabi asoslanmagan ma’lumotlarning oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalari, xususan east-fruit.com saytini O‘zbekiston meva-sabzavot eksportiga
oid tahlillarni tayyorlashda hamkorlik qilishga chaqiradi.