Foto: “O‘zbekgidroenergo” axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “Siloviye mashini” OAJ o‘rtasidagi hamkorlik yangi darajaga chiqqan. Xususan, ushbu xorijiy kompaniya bilan Sirdaryo viloyatidagi Farhod GESni modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishni yakunlash 2021-yilga mo‘ljallangan.

2020-yilda o‘zaro hamkorlik doirasida 28,3 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtiriladi. Ushbu mablag‘ zamonaviy texnologiya uskunalari hamda qurilish-montaj ishlariga sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yildan e’tiboran qo‘shimcha ravishda tuzilgan 4 ta shartnoma asosida 275 MVt quvvatga ega bo‘lgan GESlarning qurilishi hamda modernizatsiyasi ishlari boshlanadi. Bu, o‘z navbatida, 138,4 million yevro miqdoridagi keng ko‘lamli hamda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilishini anglatadi.

Foto: “O‘zbekgidroenergo” axborot xizmati

Hamkorlikdagi yangi loyihalar qatoriga “Sardoba suv ombori qoshidagi kichik GES qurilishi”, “Darg‘om kanalining 102+00 piketida kichik GES qurilishi va Darg‘om kanalida Bog‘ishamol kichik GES qurilishi”, “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” hamda “To‘palang GESni modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihalari kiradi.

Barcha loyihalar yuzasidan ularning texnik-iqtisodiy asoslarini tasdiqlashga oid Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan.

2021-yil iyul oyida Sardoba GES (10,7 MVt), 2021-yil avgust oyida Darg‘om kanalining 102+00 piketida KGES (6,4 MVt) va ushbu kanalda Bog‘ishamol KGES (6,45 MVt), 2021-yil dekabr oyida To‘palang GES (175 MVt), 2022-yil dekabr oyida Quyi Chotqol GES (76 MVt)ni ekspluatatsiyaga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Ikki tomonlama amaliy hamkorlik doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan har bir loyihaga mas’ullar biriktirildi. “Siloviye mashini” kompaniyasiga har bir loyiha bo‘yicha alohida ishchi guruhini tashkil qilish, ushbu guruhning tarkibiy personalini tuzish taklif qilindi.

Muzokaralar yakunida “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “Siloviye mashini” OAJ tomonidan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor ish jadvalini ishlab chiqishga doir masalalar yuzasidan kelishuvga erishildi.