Turkiya prezidenti Toyib Erdo’g’anning turk harbiylarini Ozarbayjonga jo’natish to’g’risidagi farmon loyihasi respublika parlamentiga yuborildi, deb xabar bermoqda Anadolu agentligi.

Foto: RIA Novosti

Yaqin kunlarda Turkiya parlamenti ushbu masalani ko’rib chiqishi kutilmoqda.

Erdo’g’an 11-noyabr kuni Anqara va Moskva Qorabog’dagi sulhni nazorat qilish markazi to’g’risida memorandum imzolaganini, ular “qo’shma tinchlikparvarlik missiyasida” ishtirok etishlarini aytgan.

Bungacha Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva va Anqara Ozarbayjon hududidagi kuzatuv markazi orqali Qorabog’ ustida ishlashini, “tinchlikparvar kuchlarning qo’shma kuchlari haqida gap bo’lmagan” deb aytgan.

Tog‘li Qorabog‘dagi janglar 27-sentabrda boshlangandi. Ozarbayjon va Armaniston sulh to‘g‘risida kelishib olishga bir necha bor urinishgan. Ammo har safar tomonlar bir-birini sulh bitimini buzishda ayblab kelishayotgandi.

Avvalroq Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Qorabog’da o’t ochishni to’xtatish to’g’risida qo’shma bayonot qabul qilishgani haqida xabar bergandik. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan keltirilgan bayonotga ko’ra, 10-noyabrda Tog’li Qorabog’da to’liq sulh boshlanadi, Ozarbayjon va Armaniston egallab turgan pozitsiyalarida to’xtaydi, shuningdek, harbiy asirlarni almashtirishlari lozim bo’ladi.

Ushbu bayonot imzolanishi ortidan Armaniston poytaxtida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlanib ketdi. Tinchlik haqidagi kelishuvga qarshi bo‘lganlar mamlakat hukumat binosini egallab oldi. Armaniston parlamenti spikeri namoyishlar paytida kaltaklandi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bundan boshqa iloji yo‘qligini ma’lum qildi. U Yerevandagi tartibsizliklar ishtirokchilarini javobgarlikka tortishga va’da bergan.

Kuni kecha Yerevandagi namoyishchilar Boku bilan tinchlik shartnomasini imzolagan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga ultimatum qo’yishgan edi. Namoyishchilar unga yarim tungacha o’z ixtiyori bilan iste’foga chiqishga ruxsat berishganini xabar bergandik.

Keyinchalik muxolifat ovozlar yetarli bo‘lmaganligi tufayli parlament orqali Pashinyanning iste’foga chiqishiga erisha olmadi.