Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi “Xorazm pilla xolding” klasteri tomonidan ishga tushirilgan zamonaviy korxonaga tashrif buyurib ushbu kompaniya faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu yerda 5 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichida 2 ta qayta ishlash liniyasi ish boshlagan. Pilladan xom ipak, ipak momig‘i, ipak mato ishlab chiqarish, ipak gilam to‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Yiliga qariyb 1 million 160 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Korxonada 120 doimiy, 1800 mavsumiy ishchi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, buning uchun tadbirkorlarga bino va tutzorlar ajratish buyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shu maqsadda manzilli dastur ishlab chiqish zarurligi, bu aholiga daromad manbai yaratish, kambag‘allikni kamaytirishda muhim omilligi ta’kidlandi.

2019 yilda viloyatda “Xorazm ipagi” va “Xiva Silk Fabrik” korxonalari ham ish boshladi. Joriy yilda 1 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiyani o‘zlashtirish hisobiga sanoatbop ipak qurti urug‘i tayyorlash korxonasini tashkil etish belgilangan.

Klaster tomonidan amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati