Qirgʻiziston prezidentligiga hujjat topshirish muddati yakunlanib borayotgan bir vaqtda nomzodlar soni elliktadan oshdi. Ushbu raqamlar respublika markaziy saylov qoʻmitasi tomonidan keltirilgan.

Foto: Sputnik

Nomzodlar orasida – prezident v.b. Sadir Japarov ham bor. U MSQga hujjat topshirgan, ammo nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun qonunga muvofiq davlat rahbari va bosh vazir vakolatlarini 15-noyabr soat 00:00 ga qadar oʻzidan soqit qilishi lozim.

Jurnalistlarga bir oz avval berilgan maʼlumotlarga koʻra, Japarov bu ishni 14-noyabr kuni kechqurun amalga oshirmoqchi. 

Parlamentning sobiq spikeri Kanat Isayev ham prezidentlik poygasida qatnashish istagini bildirdi. Saylovlarda ishtirok etish uchun u 4-noyabr kuni qonunchilik kengashi rahbari lavozimidan isteʼfoga chiqqan.

Nomzodlar orasida boshqa bir qator mashhur siyosatchilar ham bor.

Oʻtgan parlament saylovlarida toʻrtinchi oʻrinni egallagan va natijalari keyinroq bekor qilingan “Butun Kirgizstan” partiyasi yetakchisi – Adaxon Madumarov davlat ham rahbari lavozimiga daʼvogarlik qilmoqda.

Shuningdek, saylovlarda Madumarovning partiyadagi sherigi va ichki ishlar vazirining sobiq oʻrinbosari Kursan Asanov ham qatnashadi.

Nomzodlardan yana biri – mamlakat Konstitutsiyaviy palatasining sobiq sudyasi va muxolifatdagi “Islohotlar” partiyasi yetakchisi Klara Sooronqulovadir. Oktabr oyi boshida boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida uning siyosiy birlashmasi 1,5 foiz ovozga ega boʻlgan.

Shuningdek, nomzodlar orasida qator sobiq parlament aʼzolari, fuqarolik faollari, oʻqituvchilar, yuristlar, pensionerlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va oʻndan ortiq vaqtincha ishsizlar ham bor.

Bir kishi – siyosatshunos Baqit Baketayev hujjatlarni topshirgandan soʻng, oʻz ixtiyori bilan saylov poygasidan chiqib ketgan.

Qirgʻizistonda prezident saylovlari 2021-yil 10-yanvar kuni boʻlib oʻtishi kerak.

Eslatib o’tamiz, Qirg’izistonda 5-oktabr kuni 4-oktabrda bo’lib o’tgan parlament saylovlari natijalariga rozi bo’lmagan fuqarolar orasida ommaviy norozilik namoyishlari boshlangandi.

Namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o’rtasidagi to’qnashuvlardan so’ng, parlamentga kela olmagan muxolif partiyalar tarafdorlari prezident ma’muriyati joylashgan parlament binosini egallab olishdi. To’qnashuvlarda 1,2 mingdan ortiq odam jarohat oldi, bir kishi esa halok bo’ldi. Namoyishlar ortidan Qirg’iziston Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi.

Mazkut davlat rahbari matbuot kotibining so’zlariga ko’ra, prezident Sooronbay Jeenbekov mamlakat poytaxtida bo’lib, vaziyatni nazorat qilgan. Noroziliklar fonida Qirg’iziston Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi. Rossiya esa respublikadagi beqaror vaziyat tufayli mamlakatga moliyaviy yordamni to’xtatib qo’ygandi.

Bishkekdagi tartibsizliklar 9-oktabrda qayta boshlanib ketdi. Markaziy maydonda Bosh vazir Sadir Japarov tarafdorlari va muxoliflari o’rtasida to’qnashuv bo’lib o’tdi. Bu safar 7 kishi jarohat oldi. 15-oktabrda Jeenbekovning o’z xohishi bilan iste’foga chiqqandan so’ng, respublikada vaziyat barqarorlashdi, norozilik namoyishlari esa to’xtadi. Davlat rahbarining vakolatlari Sadir Japarovga o’tdi.