Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining kirib kelganligi, hattoki, Olmaliq shahrida ushbu virus tufayli 17 nafar fuqaro vafot etganligi haqidagi audioxabar mutlaqo asossiz va yolg‘on. Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yopiq yig‘ilish o‘tkazilganligi haqidagi iddao ham umuman asossiz. Aslida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasidagi amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar haqida keng jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilmoqda.

Takror bo‘lsa-da, aytib o‘tish lozimki, dunyodagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining oldini olish borasida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va bu jarayon qat’iy nazoratga olingan.

Jumladan, davlat chegaralarida mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlariga qo‘shimcha shifokor mutaxassislar, zarur tibbiy jihozlar, jumladan, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, faoliyat samaradorligi kuchaytirildi.

Mazkur punktlardan o‘tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ma’lumotlar olinib, birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan. So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 15 yanvaridan ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘yicha 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan fuqarolardan 5082 nafarida hech qanday infeksiya alomatlari aniqlanmaganligi uchun kuzatuvdan chiqarilgan, 2214 nafar fuqarolarda esa tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda.

Ayni paytga qadar yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biron bir holat aniqlanmagan, deyiladi vazirlik xabarida.