«Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi. Unga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subyektlar olingan talabnomaga javob berishi lozim bo‘lgan muddat qisqartirildi. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Avval talabnomaga javob berish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga u olingan kundan boshlab bir oy muddat berilgan. Endi esa buni 15 kun ichida amalga oshirish lozim. Qonunda muddat ish kunlarida hisoblanishi ko‘rsatilmagani bois, kalendar kunlar hisoblanadi. Shu tariqa muddat ikki martaga qisqartirildi.

Eslatib o‘tamiz, talabnoma xo‘jalik yurituvchi subektning rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi, hujjat muhr (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi va buyurtma yoki qimmatli xat tarzida, telegraf, teletayp orqali, shuningdek, uning jo‘natilganligini qayd etadigan, qabul qilib oluvchini ogohlantiradigan boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda jo‘natiladi yohud tilxat olib topshiriladi.

Qonunga binoan, talabnomaga javob berish uni olgan xo‘jalik yurituvchi subyektning majburiyati hisoblansada, belgilangan 15 kunlik muddatni buzganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Biroq, javobni o‘z vaqtida olmagan talabnoma beruvchi iqtisodiy sudga murojaat qilishi mumkin.

Mazkur qonun 2020 yilning 11 martidan kuchga kirdi.