“World Justice Project” xalqaro nohukumat tashkilotining 2019 yil yakunlari bo‘yicha 2020 yil uchun Huquq ustuvorligi indeksi e’lon qilindi. Bu haqida Adliya vazirligi matbuot kotibi telegram kanali orqali ma’lum qildi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot kotibi telegram kanali

Ta’kidlash joizki, mazkur indeksning qamrovi yildan yilga kengayib bormoqda. Xususan, 2018 yilda 119 mamlakat qamrab olingan bo‘lsa, 2019 yilda 126 mamlakat, 2020 yilda esa 128 mamlakat baholandi.

Joriy yilgi Indeksda O‘zbekiston Respublikasi maksimal 1 balldan 0,47 ball to‘plagan va 128 ta davlat ichida 92-o‘rinni egallagan va o‘tgan yilgi indeksdan 4 pog‘ona yuqori natijani ko‘rsatgan. Ta’kidlash joizki, joriy yilda O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ijobiy o‘zgarishni qayd etdi.

Mazkur indeks Indeks 8 ta indikatorni qamrab oladi va unda O‘zbekistonga quyidagi ballar berilgan:

  • hukumat vakolatlarini cheklash – 0,33;
  • korrupsiyadan holilik darajasi – 0,40;
  • hukumatning ochiqligi – 0,33;
  • fundamental huquqlar – 0,41;
  • tartibot va xavfsizlik – 0,90;
  • qonunlarga rioya qilish – 0,44;
  • fuqaroviy huquq sohasida odil sudlov – 0,51;
  • jinoiy huquq sohasida odil sudlov – 0,44.

Mazkur indikatorlar doirasida jami 44 ta subindikatorni o‘z ichiga oladi (ilova qilinadi).

O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari Indeksning 3 ta indikatori bo‘yicha, ya’ni hukumat ochiqligi komponenti bo‘yicha 0,31 dan 0,33 ballga, korrupsiyadan holilik darajasi bo‘yicha 0,38 dan 0,40 ballga, fundamental huquqlar komponenti bo‘yicha 0,39 dan 0,41 ballga oshgan.

Joriy yilda eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari quyidagi yo‘nalishlarda kuzatildi:

  • fundamental huquqlarning ta’minlanganligi indikatorining “shaxsiy hayotga o‘zboshimchalik bilan aralashmaslik” subindikatori bo‘yicha 0,28 ball (o‘tgan yili 0,20 ball);
  • hukumat vakolatlarini cheklash indikatorining “hukumat vakolatlarining mustaqil tekshiruvlar doirasida samarali cheklanishi” subindikatori bo‘yicha 0,37 ball (0,31 ball);
  • hukumatning ochiqligi indikatorining “shikoyat berish mexanizmi” subindikatori bo‘yicha 0,51 ball (0,46 ball), “axborot olish huquqi” subindikatori bo‘yicha 0,29 ball (0,25 ball);
  • korrupsiyadan holilik darajasi indikatorining “qonun chiqaruvchi hokimiyatning korrupsiyadan holilik darajasi” subindikatori bo‘yicha 0,46 ball (0,41 ball) “sud hokimiyatning korrupsiyadan holilik darajasi” subindikatori bo‘yicha 0,44 ball (0,40 ball);
  • jinoiy odil sudlov indikatorining “jinoiy odil sudlovning diskriminasiyadan holiligi” subindikatori bo‘yicha 0,38 ball (0,34 ball).

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, xalq bilan muloqot qilish mexanizmlarining takomillashtirish, davlatning statistika siyosatining holisligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilgan choralar, jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturlari, Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarining tashkil etilganligi, har bir davlat tashkilotida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki dasturlarning ishlab chiqilayotganligi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolarning keng ishtirokini ta’minlash mexanizmlarining takomillashtirib borilayotgani, fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, sud-tergov faoliyatida prosessual me’yorlarga rioya etilishi, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibining takomillashtirilishi, so‘z va fikr bildirish imkoniyatlari kengayishi, vijdon erkinligining ta’minlanishi borasidagi islohotlarni mazkur natijalarga turtki bo‘lgan omil sifatida keltirib o‘tish mumkin.