Payshanba kunidan boshlab Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni ko‘paygani sababli mamlakatning gavjum joylarida chekish taqiqlanadi, deyiladi mamlakat IIV qarorida.

Foto: EPA-EFE / TOLGA BOZOGLU

“Chop etilgan qarorga binoan turar joy binolaridan tashqari barcha jamoat joylarida fuqarolar hech qanday istisnosiz niqob taqishi shart.

Biroq bunday joylarda chekish paytida ba’zi odamlar niqoblarini yechishyapti, ularni pastga tushirishyapti, ulardan noto‘g‘ri foydalanishyapti.

Shunga ko‘ra 12-noyabrdan boshlab barcha viloyatlarda odamlar bilan gavjum ko‘chalarda va jamoat transporti bekatlarida chekishni taqiqlash joriy etildi”, — deyiladi qarorda.

Ta’kidlanishicha, nafas orqali oson yuqadigan koronavirus tarqalishining oldini olish uchun niqoblardan foydalanish uzluksizligini ta’minlash nihoyatda muhim.

Mavzuga doir:
Turkiyada koronavirus holatlari bo’yicha yangi rekord qayd etildi
Zominda Turk kompaniyalari ishtirokida sayyohlik majmuasi yaratiladi

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Koja koronavirus pandemiyasi Turkiyada ikkinchi cho‘qqisiga yetganini ma’lum qilgan.

“Worldometers” portalining ma’lumotiga ko’ra, bugun, 12-noyabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni 402 053 kishiga yetgan. Ulardan 11 145 nafari vafot etdi. 344 613 bemor kasallikdan sog’aygan.