Tojikistonning Xatlon viloyatidagi “Faxrobod” dala-oʻquv maydonida “Hamdoʻstlik – 2020” oʻzbek-tojik oʻquv mashgʻulotining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqida Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot xizmati

Marosimda soʻz olganlar har ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sabab mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotgani harbiy hamkorliklarga ham katta yoʻl ochib bergani taʼkidlashdi. Hamkorlikda oʻtkazilayotgan ushbu oʻquvlar shubhasiz, qoʻshni davlat harbiylarining bir-birini yaxshi anglashiga xizmat qiladi.

Taʼkidlanishicha, harbiylar mashgʻulotlar davomida ikki davlat chegarasini buzib oʻtgan shartli terrorchi guruhlarni zirhli texnika, artilleriya, aviatsiya va oʻqotar qurollar yordamida yakson qilishni rejalashtirishgan.

Mazkur oʻquv mashgʻuloti har ikki davlat mudofa kuchlarining jangovarligini oshirish, ularning tajriba almashishlari, bir-birini yaxshi anglashlari maqsadida Oʻzbekiston va Tojikiston Mudofaa vazirliklarining maxsus kuchlari hamkorligida tashkil etilgan.

Ma’lumot o’rnida, bundan avval oʻzbek -tojik harbiylarining ilk qoʻshma mashgʻuloti 2018 yilda imzolangan harbiy hamkorlikdan soʻng oʻsha yilning sentabr oyida Tojikistonning “Chorux-Dayron” oʻquv markazi bazasi hamda “Nurafshon” poligonida tashkil etilgan.