Saudiya Arabistonida qirol Abdulla nomidagi fan va texnologiya universiteti olimlari koronavirusning eng aniq 3D-modelini ishlab chiqishdi.

Foto: Pixabay

Muassasa saytining ma’lum qilishicha, modelni yaratish uchun oqsillar ma’lumotlar bazasi va mikroskop yordamida olingan tasvirlardan foydalanilgan.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning modeli SARS-CoV-2 virusining zamonaviy tuzilishini atom darajasida ochib beradi va ilgari ko‘rish mumkin bo‘lmagan qismlarini namoyish etadi.

“Bizning modelimiz shunchaki lipid membranasiga ixtiyoriy joylashtirib chiqilgan boshoqli oqsillarni emas, hozirgi kunda bizga ma’lum bo‘lgan virusning to‘liq ultratuzilmasini ko‘rsatib beradi”, — deya ta’kidladi tadqiqot mualliflaridan biri Ngan Nguyen.

Olimlarning fikricha, ularning modeli virusning avval o‘rganilmagan qirralarini tadqiq etishga hamda COVID-19’ga qarshi dorilarni yaratishni tezlashtirishga yordam beradi.

Mavzuga doir:
AQShlik olimlar umrni uzaytiruvchi mahsulotni topishdi
Olimlar koronavirusning odam terisida qancha yashashini aniqlashdi