Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10-noyabrdagi 704-son qarori bilan tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Foto: Goole

Unga ko‘ra, bola tug‘ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilganidan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni “Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritadi.

Ma’lumotlar avtomatik ravishda “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimiga yuboriladi.

FHDYo bo‘limi ma’lumotlarni qabul qilib olganidan so‘ng 3 ish soati ichida ko‘rib chiqadi va bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi.

Ma’lumotlar kompleks tartibda boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun avtomatik ravishda Ichki ishlar, Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi axborot tizimlariga yuboriladi.

Shunga ko‘ra:

  • Tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limi – bolani 1 kun ichida tegishli manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yadi;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi – maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimida so‘rovda ko‘rsatilgan bog‘chaga bolani avtomatik ravishda navbatga qo‘yadi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi – 1 ish kuni ichida ona ro‘yxatda turgan poliklinikaga (ro‘yxatda turmagan taqdirda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro‘yxatga qo‘yadi;
  • Pensiya jamg‘armasi bo‘limi – farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini avtomatik ravishda rasmiylashtiradi.

Bolaning otasi yoki onasi bola tug‘ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilishi mumkin (6 oydan keyin murojaat qilinsa, bir martalik nafaqani to‘lash rad etiladi).

Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari Toshkent va Nukus shaharlarida, 2021-yil 1-fevraldan barcha viloyat markazlarida, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab butun respublika hududida ko‘rsatiladi.

Mavzuga doir:
Milliy o’quv dasturi xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqiladi
“O‘zbekistonning IT-iste’dodlari” portali ishga tushadi