Bugun, Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rossiya Federatsiyasining Tergov qo‘mitasi Raisi Aleksandr Bastrikin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Uchrashuv davomida deletgasiya vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohatlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligi ta’kidlandi.

Taraflar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim hamda 2020 – 2021 yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik Dasturi imzolandi.

Ushbu hujjatlarning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Rossiya deletgasiyasining tashrifi shakllangan sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadam ekanligi qayd etildi.