Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on telefon orqali Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish holatini kuzatish uchun Turkiya-Rossiya tinchlikparvar markazni tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

“Aliyev va Erdo‘g‘an o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida tomonlar sulh bitimini kuzatish uchun Turkiya-Rossiya tinchlikparvarlik markazi tashkil etilganini yuqori baholadilar va ushbu markaz mintaqada barqaror tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar”, – deyiladi xabarda.

Avvalroq Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Qorabog’da o’t ochishni to’xtatish to’g’risida qo’shma bayonot qabul qilishgani haqida xabar bergandik. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan keltirilgan bayonotga ko’ra, 10-noyabrda Tog’li Qorabog’da to’liq sulh boshlanadi, Ozarbayjon va Armaniston egallab turgan pozitsiyalarida to’xtaydi, shuningdek, harbiy asirlarni almashtirishlari lozim bo’ladi.

Mavzuga doir:
Rossiya tinchlikparvar kuchlari Tog’li Qorabogʻga yo’l oldi

Shuningdek, Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari Tog’li Qorabog’ga joylashadilar. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o’zining Facebook’dagi bayonotida ushbu kelishuv uning uchun o’ta qiyin qaror ekanligini ta’kidlagan. O’z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hujjatning imzolanishini Armanistonning taslim bo’lishi deb atadi. Uning so’zlariga ko’ra, kelishuv Boku uchun eng foydalidir.

Tog‘li Qorabog‘dagi janglar 27-sentabrda boshlangandi. Ozarbayjon va Armaniston sulh to‘g‘risida kelishib olishga bir necha bor urinishgan. Ammo har safar tomonlar bir-birini sulh bitimini buzishda ayblab kelishayotgandi.