Il-76 samolyotlari Rossiya tinchlikparvar kuchlari bilan Qorabogʻ tomon uchib ketdi, deb xabar qildi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Foto: Sputnik

Samolyotlar Ulyanovsk-Vostochniy aerodromidan uchib chiqqan. Qayd etilishicha, mojaro zonasiga shaxsiy tarkib, transport vositalari, zirhli avtomashinalar va materiallar yetkazib beriladi.

Togʻli Qorabogʻda harbiy harakatlarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi kelishuv doirasida Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish toʻgʻrisida kelishib olgandilar.

Mamlakat mudofaa vazirligining maʼlumotiga koʻra, hududga 1970 nafar harbiy xizmatchi, 90 ta zirhli mashina va 380 ta boshqa texnika olib kelinadi. Tinchlikparvar kontingentning asosini Markaziy harbiy okrugning 15-alohida motooʻqotar brigadasi boʻlinmalari tashkil qiladi.

Parallel ravishda Armaniston hududdan oʻz harbiylarini olib chiqadi.

Avvalroq Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Qorabog’da o’t ochishni to’xtatish to’g’risida qo’shma bayonot qabul qilishgani haqida xabar bergandik. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan keltirilgan bayonotga ko’ra, 10-noyabrda Tog’li Qorabog’da to’liq sulh boshlanadi, Ozarbayjon va Armaniston egallab turgan pozitsiyalarida to’xtaydi, shuningdek, harbiy asirlarni almashtirishlari lozim bo’ladi.

Shuningdek, Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari Tog’li Qorabog’ga joylashadilar. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o’zining Facebook’dagi bayonotida ushbu kelishuv uning uchun o’ta qiyin qaror ekanligini ta’kidlagan. O’z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hujjatning imzolanishini Armanistonning taslim bo’lishi deb atadi. Uning so’zlariga ko’ra, kelishuv Boku uchun eng foydalidir.

Tog‘li Qorabog‘dagi janglar 27-sentabrda boshlangandi. Ozarbayjon va Armaniston sulh to‘g‘risida kelishib olishga bir necha bor urinishgan. Ammo har safar tomonlar bir-birini sulh bitimini buzishda ayblab kelishayotgandi.