Prezidentimiz tomonidan “Festivallar shahri” maqomi berilgan Shahrisabz shahri obidalari hamda Qashqadaryoning boy madaniy va tarixiy yodgorliklari, asrlarga tengdosh milliy qadriyatlari, oʻziga xos taomlari bugun doimiy tarzda xorijiy OAV nigohida. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining MDH va boshqa davlatlarda koʻp millionli tomoshabinlariga ega “NTV” telekanali Navroʻz bayrami arafasida Qashqadaryoning milliy taomlari tayyorlanish jarayoni haqida turkum teledasturlarni tasvirga olish uchun viloyatimizga tashrif buyurmoqda.

Foto: RIA novosti

– Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan yurtimiz turistik salohiyatini jahonga tanitish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda deydi, -Qoʻmitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Shohruh Jalolov. –Bu borada xorijiy OAV bilan doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Rossiyaning “NTV” telekanali ijodkorlari ikki yil avval ham viloyatimizda oʻtgan Navroʻz bayrami tantanalarida ishtirok etib, teledasturlar tayyorlashgan edi.

Koʻrsatuv ijodkorlari joriy yilning 17-18-mart kunlari vohamizga kelib, birinchi agroturistik qishloq “Varganza” hamda etnoturistik qishloq hisoblanmish “Gʻilon”da, soʻlim manzaraga ega, Buyuk ipak yoʻlining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlgan “Taxtiqoracha” dovonida Qashqadaryo viloyatiga xos boʻlgan milliy taomlarning tayyorlanish jarayonini suratga olishadi.

Bu esa albatta, yurtimizga eng koʻp tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlardan boʻlmish rossiyaliklarning viloyatimizga qiziqishini yana-da oshirishga hamda ular sonining keskin koʻpayishiga xizmat qiladi.