Xabaringiz bor, Iordaniyaning Amman shahri boks boʻyicha Tokio – 2020 olimpiadasiga litsenzion turnirga mezbonlik qildi. Kecha bahslar yakuniga yetib, unda oʻzbekistonlik charm qoʻlqop ustalaridan uch nafari oltin medalga sazovor boʻldi. Bokschilarimizdan Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov hamda Bahodir Jalolovlar oʻz vazn toifalarida tengsiz ekanligini isbotlashdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati

-57 kg vazn toifasida Mirazizbek Mirzaxalilov iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi ringga koʻtarildi va 5:0 hisobida yaqqol ustunlik bilan gʻalabaga erishdi.

-63 kg vazn toifasidagi vakilimiz Elnur Abduraimov esa finalda qozogʻistonlik bokschi Zokir Safiullin bilan toʻqnash keldi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimizning qoʻli baland keldi – 3:2, Elnurning foydasiga. Shu tariqa Abduraimov terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni qoʻshib qoʻydi.

Nihoyat eng ogʻir, yaʼni +91 kg vazn toifasidagi bokschimiz, amaldagi jahon chempioni Bahodir Jalolov musobaqaning soʻnggi jangida avstraliyalik sportchi Yustis Xuni ustidan 5:0 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi. Qisqasi, final janglarida qatnashgan har uchala bokschimiz ham yakunda oltin medalga sazovor boʻldi.

Shu tariqa boks boʻyicha olimpiada litsenzion turnirida Oʻzbekiston terma jamoasi uchtadan oltin va bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Tokio-2020 olimpiadasiga esa 7 ta yoʻllanma qoʻlga kiritildi. Bular – Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov, Bahodir Jalolov (barchasi oltin), Shahobiddin Zoirov, Bobousmon Baturov, Sanjar Tursunov (uchalasi ham bronza) va qizlardan Tursunoy Rahimovadir.