Xorazmda 3 yulduzli mehmonxonaga davlat tomonidan subsidiya ajratildi. Subsidiya serifikatini Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirdi, deb xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi .

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi

Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, farmonlar hamda qonun hujjatlarida turizm sohasida tadbirkorlar uchun ko‘plab imtiyozlar hamda preferensiyalar berilmoqda.

Xorazm viloyatida qurilib, yangi ishga tushirilgan “O‘zbekiston” mehmonxonasiga tegishli qarorga ko‘ra, mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanib, subsidiya ajratildi.

Uch yulduzli “O‘zbekiston” mehmonxonasi 57 xona, 114 o‘ringa ega. 

Xorazm viloyatida 2019 yil davomida jami 87 joylashtirish vositasi to‘liq foydalanishga topshirildi va sayyohlarga sifatli mehmonxona xizmatlarni ko‘rsata boshladi. Mazkur ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 7 barobar o‘sishni qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi “Mehmonxona xo‘jaligi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 433-son qarori bilan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi Nizom tasdiqlandi.

1) Nizomga ko‘ra, investorlar va tashkilotlar uchun mehmonxona qurish va uni jihozlashga sarflagan xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjeti hisobidan quyidagi hajmlarda mablag‘ ajratilishi belgilangan:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda har bir xona uchun 40 million so‘m;

4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda har bir xona uchun 65 million so‘m.

Subsidiya 2019 yil 5 yanvaridan 2022 yilning 1 yanvariga qadar foydalanishga topshirilgan mehmonxonalar uchun ajaratiladi.