Xitoylik ishchilar koronavirus tufayli bu yil Yahudiy avtonom viloyatiga (Rossiya Federatsiyasi) dala ishlariga kela olmaydi. Ularning o‘rniga o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishga keladi. Bu haqida viloyat ma’muriyati xabar bergan, deb yozmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi.

Foto: Kun.uz

Xabarda ta’kidlanishicha, koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat sababli xitoylik ijarachilarning bahorgi ekish kampaniyasida ishtirok etishi muammoli masala.

Joriy yilda bahorgi dala ishlariga Xitoydan 1323 kishini jalb qilish rejalashtirishgan edi. Karantin tufayli chet el ishchilarini jalb qilish kvotalari talab qilinmaydi. Bu masala o‘zbekistonlik mehnat migrantlari va avtonom viloyatining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi o‘quv yurtlari bitiruvchilari hisobidan hal qilinadi.

Yahudiy avtonom viloyatidagi ekin maydonlari 166 ming gektarni tashkil etadi, shundan 150 ming gektardan ko‘prog‘i soya ekini uchun ajratilgan.