“UzAuto Motors”ning narxlarni xalq bilan maslahatlashmay oshirishi partiya elektoratini ham, OʻzLiDeP deputatlarini ham norozi qildi. Bu haqida “Xalq so’zi” yozmoqda.

Foto: Nasaf news

Vaholanki, taraqqiyotimizning yangi davrida har bir tashkilot oʻz qarorini xalq muhokamasiga qoʻyishga oʻrgandi. Hattoki, qonun loyihalari ham xalq “ekspertiza”sidan oʻtkazilayotgani fikrimizga yaqqol dalil. UzAuto Motors esa ana shu yangi tendensiyani nazar-pisand qilmadi. Narxlarni oʻzi bilganicha oshirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan chetda qolib ketyapsizlar, deguvchilarga aytmoqchimiz: OʻzLiDeP saylovoldi dasturida monopol korxonalarga qarshi kurashish ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiyamiz barcha tadbirkorlik subyektlari uchun teng, halol, adolatli, tizim yaratish tarafdori. Ana shunday demokratik-liberal tamoyil odamlarni ham, tadbirkorlarni ham davlatdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratadi.

UzAuto Motors yaqin orada avtomobillarga oʻrnatilgan yangi narxlar boʻyicha bayonot berdi. Ochigʻini aytsak, ular oʻzini nima deb oqlashi, nega aynan “Damas”, “Spark”, “Nexia” kabi mashinalar narxlarida keskin oʻzgarishlar boʻlganini bilish biz uchun ham qiziq edi.

UzAuto Motors qanday bayonot berganidan qatʼiy nazar, bir fikrda qatʼiymiz: xalq va xalq vakillari – deputatlarni hurmat qilgan har qanday tashkilot narxni oshirmasdan oldin buni xalq muhokamasidan oʻtkazishi lozim edi.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlgan fikrimiz quyidagicha: bundan buyon OʻzLiDeP oʻzi bilgancha ish qiladigan monopol korxonalarni oʻz holiga tashlab qoʻymaydi.