DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postining “Malik – avto” chegara nazorat o‘tish punkti orqali O‘zbekiston Respublikasidan Qozog‘iston Respublikasi tomon harakatlanayotgan muqaddam sudlangan Q.Abdurasulov boshqaruvidagi “Mercedes – benz” rusumli avtomashina bojxona xodimlari ko‘rigidan o‘tib, chegaraning neytral hududiga yetgan vaqtida, to‘xtatib tekshirildi. Bu haqida “O’zA” xabar bermoqda.

Foto: O’zA

Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida xufyona usulda yashirilgan 1.136.000 AQSh dollari, 77.830 yevro va 21.018.670 rossiya rubli borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Mazkur xorijiy valyutalarning milliy valyutadagi ekvivalenti 14 mlrd. 753 mln. so‘mdan ziyodni tashkil etadi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida mazkur ishga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.