Dunyoda koronavirus infeksiyasi (COVID – 19) bo‘yicha epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda ushbu infeksiyaning kirib kelishi va uning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada aholining sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilishi va profilaktik choralar ko‘rish borasida sms xabarnomalar yo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yildi, deyiladi vazirlik xabarida.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Ularda asosan, qo‘llarni tez-tez yaxshilab yuvish, shamollagan odamlar bilan muloqot qilmaslik, yuzni qo‘l bilan ushlamaslik, jamoat joylarga borishni kamaytirish, yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni yopish kabi oddiy, ammo muhim gigiyenik qoidalar berib borilmoqda.

Afsuski, ushbu sms xabarlarni noto‘g‘ri talqin qilish, mazmunini sun’iy ravishda o‘zgartirib berish orqali aholi orasida vahima uyg‘otayotganlar ham uchramoqda.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomidan “koronavirusdan saqlanish uchun alkogol mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish lozim” mazmunidagi xabarlar mutlaqo yolg‘on va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bunday sms xabar yuborilmagan. Mutaxassislarning yakdil xulosasiga ko‘ra, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish koronavirus infeksiyasidan saqlay olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qoladi.