“UzAuto Motors” kompaniyasi narxlarni qayta ko‘rib chiqish qarori narxlar konyunkturasi, shuningdek, ichki va tashqi bozordagi umumiy makroiqtisodiy vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qiladi. 2020 yilning 4 martiga qadar shartnoma imzolagan xaridorlar uchun barcha shartlar saqlab qolinadi, deb xabar bermoqda kompaniya axborot xizmati.

Foto: Uzreport

2017 yilning sentabr oyida so‘ngi marta avtomobil narxlari o‘zgarganidan buyon dollarning so‘mga nisbatan ayriboshlash kursi o‘sdi, xom ashyo narxlari, kommunal xizmatlar tariflari, transport xizmatlari narxlari oshdi.

Bundan tashqari, avval soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan “UzAuto Motors” kompaniyasi 2019 yilning oktabr oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq soliqlarni umumiy asoslarda, jumladan QQS bo‘yicha to‘lashni boshladi. 2019 yilda kompaniya 2,5 trln. so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, joriy yil uchun esa ushbu ko‘rsatkich 4,2 trln. so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.

Yaqin kelajakda kompaniyaning o‘zi uchun belgilagan ustuvor yo‘nalishlardan biri bu so‘ngi vaqtda amaliyotda keng qo‘llanilayotgan iste’molchilar uchun ajratiladigan avtokredit va muddatli to‘lov tizimlarini yanada rivojlantirishdir. Ushbu yo‘nalish banklar bilan yaqin hamkorlikni ko‘zda tutadi. “UzAuto Motors” avtomobil kreditlarini rivojlantirishga tayyor bo‘lgan banklar bilan hamkorlik uchun doim ochiq.

Aytish joizki 2019 yil davomida kredit dasturlari, muddatli to‘lov va boshqa maxsus takliflar natijasida iste’molchilarga 52 mingdan ortiq mashina sotildi.

O‘zbekiston avtomobil bozorini global isloh qilish doirasida, sog‘lom raqobatbardosh ekotizimni yaratish maqsadida «O‘zavtosanoat» yaqin kelajakda mas’ul davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan O‘zbekiston bozoriga olib kiriladigan xorijiy avtomobillarga bojxona to‘lovlarini kamaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Ichki bozorda raqobatning kuchayishi “UzAuto Motors” kompaniyasining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga, kompaniyaning raqobatbardoshligini, shuningdek ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning sifati va hammabopligini oshirishga imkon beradi.