Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov joriy yilning 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida boʻlib oʻtgan videoselektrda poytaxt koʻchalaridagi reklamalarning oʻzbek tilida boʻlishi kerakligi toʻgʻrisida toʻxtaldi.

Foto: Google

Bosh Vazirning taʼkidlashicha, bugungi kunda poytaxt koʻchalarida tashqi reklamalarning atigi 30 foizga yaqinigina davlat tilida boʻlsa, qariyb 40 foizi aralash tillarda, yana 30 foizdan ziyodi boshqa tillarda berilgan.

Uzoq xorijni qoʻyib turing, yaqin qoʻshnilarimizda ham reklamalar oʻz ona tillarida beriladi. Buni qonun bilan mustahkamlab qoʻyishgan. Qozogʻiston, Rossiya, Gruziya va boshqa davlatlarda ona tili davlat darajasida muhofaza etilgan.

Mana biz ham shu ishni boshladik, yoʻlimizda oxirigacha qatʼiy turamiz, buni barcha yaxshi anglab olishi shart, deya taʼkidlaydi bosh vazir.

Bosh vazir shuningdek, bugungi kunda hech bir tadbirkor faoliyatiga toʻsiq qoʻyilmasligi, aksincha, ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun imkoniyat yaratilayotganligi xususida toʻxtaldi.

Xususan, joriy yilning 20 fevral kuni hukumatning “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, endilikda tashqi reklama obyektlarini qurish ulardan foydalanishni aniq tartiblar asosida yanada erkinlashtirilishi koʻzda tutilgan.

Biroq, tadbirkorlar isteʼmolchisi oʻzbek aholisi ekanligini bila turib  boshqa tilda eʼlon berish amaliyotiga chek qoʻyish shart.