Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, poyezdlarga chiqish oldidan chiptalarni tekshirish jarayoniga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan elektron chiptalarni zamonaviy texnologiyalar QR – kod orqali tekshiruvchi maxsus moslamalarni sinovdan o‘tkazish jarayoni boshlandi. 

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Ayni damda yangi moslamalar “Afrosiyob” poyezdlarining birida sinovdan o‘tkazilmoqda. Elektron chiptani rasmiylashtirgan yo‘lovchilarga endi uni A-4 formatida chop etish zarurati yo‘q, ya’ni elektron chiptani smartfon yoki planshetlarda taqdim etishning o‘zi kifoya.

Nazorat-o‘tkazish punkti xodimlari hamda vagon kuzatuvchilari elektron chiptaning haqiqiyligini maxsus moslama bilan tekshiradi, keyin esa yo‘lovchi chipta bo‘yicha o‘z joyini egallashi mumkin bo‘ladi.

Hozirda qurilmalar “Toshkent-Markaziy” vokzalida sinovdan o‘tkazilmoqda. Keyinchalik tizim barcha vokzallarda joriy etilishi rejalashtirilgan. Sinov ishlari mart oyining oxirigacha davom etadi.