Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda shifokorlarga pichoq bilan tajovuz qilinganligi aks ettirgan videolavha tarqalgan edi. Ushbu holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganilib, quyidagilarni ma’lum qiladi, deb xabar bermoqda Sog’liqni saqlash vazirligi.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Joriy yil 29 fevral kuni soat 22:31 da Andijon shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining Travmatologiya bo‘limi qabulxonasiga 2001 yilda tug‘ilgan M.F. ismli ayol bemor yuz-ko‘zidan jarohat olib murojaat qilgan. Bemor shifokorlar ko‘rigidan o‘tayotganda turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanganini aytgan.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, o‘zgalar tomonidan jarohat olgan holat mavjud bo‘lsa, tibbiyot xodimi huquqni muhofaza qilish organlariga tezkor xabar berishi shart. Aks holda jinoyat yashirganlik holati bilan javobgarlik tortilishi mumkin. Shunga muvofiq, shifokor T. U. zudlik bilan mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar bo‘limiga xabar beradi.

Xabar berilganligidan norozi bo‘lgan bemor ayolning egizak ukasi X. ismli shaxs e’tiroz bildiradi. Shifokor unga o‘rtanilgan tartibni tushuntirgandan so‘ng, bemorning ukasi shifokorni uyatli so‘zlar bilan haqorat qila boshlaydi. Shifokor unga so‘kinmasligini aytadi. Ular orasida tortishuv X.ning pichoq orqali shifokorga tajovuz tahdidi bilan davom etadi. Atrofidagi bir nechta odamlar X.ni agressiv holatdan qaytarishga urinishadi. Ammo u harakatlarini davom ettirib, pichoqni shifokor tomonga otib yuboradi. Biroq ushbu pichoq atrofdagi boshqa shaxsga tegadi. Bemor yaqinlari va atrofdagi boshqa shaxslar tomonidan X majburan tinchlantirilib, qabulxonadan olib chiqib ketiladi.

Eri tomonidan kaltaklangan ayol M.F. esa “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, Jag‘ suyaklari sinishi, yonoq, bosh, yuz, qorin, oyoq va qo‘llar yumshoq to‘qimalari jarohati” tashxisi bilan mazkur filialning Neyroxirurgiya bo‘limida joriy yil 4 mart kuniga qadar davo muolajalarini oladi.

Yuqoridagi videoxabarda, guvohi bo‘lganingizdek, yosh yigit agressiv harakatlar qilib, shifokorga pichoq o‘qtalgan, jarohat yetkazishga uringan, hattoki, pichoqni otib yuborgan. Ushbu holatda fuqaro nafaqat tibbiyot xodimlari, balki atrofdagi insonlarga ham zarar yetkazishi mumkinligini o‘ylamagani achinarli. Nima bo‘lganda ham, shifokorlarga tajovuz qilishga uringan fuqaro xatti-harakatlariga nisbatan huquqiy baho berilib, qonuniy choralar ko‘rilishi lozim.

Ushbu vaziyat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishi ochilib, o‘rnatilgan tartibdi surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.